«O‘ZBEKISTON – BAG‘RIKENGLIK MAMLAKATI» XALQARO YOZGI MAKTABI
2022-yilning 21-28 iyul kunlari Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida “O‘zbekiston – bag‘rikenglik mamlakati” mavzusida Xalqaro yozgi maktab tashkil etildi. Mazkur xalqaro yozgi maktabda O‘zMU talabalari bilan birga M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti, Milliy tadqiqot Tomsk davlat universiteti, Belarus davlat universiteti va L.N.Gumelev nomidagi Yevroosiyo milliy universitetidan xorijiy talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Mazkur Xalqaro yozgi maktabning asosiy maqsadi MDH davlatlarining yosh avlodlarida boy tarixiy va madaniy merosga ega muhitga sho‘ng‘ish, O‘zbekistonda bag‘rikenglik va totuvlik holati bilan tanishish, shu yo‘nalish bo‘yicha mutaxassislar tomonidan o‘tkaziladigan mashg‘ulotlarga qatnashish va O‘zbekistonning tarixiy shaharlaridan biri bo‘lgan Buxoro shahriga ziyorat qilish orqali O‘zbekiston tarixi va madaniyati haqida bilim va g‘oyalarni shakllantirish bo‘lgan.
Xalqaro yozgi maktab yakunida ishtirokchilar universitet tomonidan maxsus sertifikat va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandilar. Shu kabi tadbirlar O‘zMUda doimiy ravishda tashkil etilib kelmoqda. 2021 yilning noyabr oyida MDH Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlarning gumanitar hamkorlik bo‘yicha davlatlararo jamg‘armasi ko‘magida “Markaziy Osiyo tarixi va madaniyati” Xalqaro yoshlar maktabi o‘tkazildi. Xalqaro yoshlar maktabining harajatlari O‘zMU va mazkur jamg‘arma tomonidan qoplanib, 30 000 AQSh dollarni tashkil etdi. 2022 yilda tashkil etilgan “O‘zbekiston – bag‘rikenglik mamlakati” mavzusida Xalqaro yozgi maktabining harajatlari O‘zMU tomonidan qoplanib 5500 AQSh dollarni tashkil etdi.